Struktura. Tuproqning donadorligi deganda uning tabiiy ravishda struktura bo‘laklari va agregatlariga ajralib ketish xususiyati tushiniladi; struktura bo‘laklari va agregatlari odatda chirindi va tuproqdagi mayda mexanik zarralarining o‘zaro yopishuvidan hosil bo‘ladi.
Struktura tuproqning muhim va o‘ziga xos alomati bo‘lib, uning genetik hamda agroishlab chiqarish xarakteristikasini aniqlashda katta ahamiyatga egadir.
Tuproqlar strukturasining morfologik tiplari S.A.Zaxarov tomonidan yaxshi ishlab chiqilgan. Har bir tuproq va uning genetik qatlami uchun tuproqlar strukturasining ma’lum tipi to‘g‘ri keladi. Tuproq agregatlarining shakliga qarab strukturaning uch xil tipini ajratib ko‘rsatish qabul qilingan; kubsimon, prizmasimon va plitasimon strukturalar (14-rasm).
Kubsimon struktura tipiga o‘lchamlari uchala o‘q (gorizontal va vertikal) bo‘ylab taxminan bir xil bo‘lgan agregatlar kiradi. Bunday agregatlar ko‘p yoqli dumaloq shaklda bo‘ladi. Shakli va katta kichikligiga ko‘ra, kubsimon strukturaning quyidagi tiplari mavjud:
palaxsali struktura–burchaklari, qirrali va yoqlari yaqqol ifodalanmagan, 5 sm dan katta bo‘lgan agregatlar.
b) uvoqchali struktura–yuqoridagidek, ammo o‘lchami 5 dan 0,5 sm gacha bo‘lgan agregatlar. Mayda-yirikligiga ko‘ra ular o‘z navbatida yirik uvoqchali, uvoqchali va mayda uvoqchali agregatlarga bo‘linadi.
v) yong‘oqsimon (g‘o‘rasha) struktura-burchaklari, qirralari va yoqlari yaqqol ifodalangan, 20-5 mm kattalikdagi agregatlar. Ular yirik yong‘oqsimon va mayda yong‘oqsimon agregatlarga ajratiladi.
g) donador struktura-yong‘oqsimon strukturaning aynan o‘zi, ammo agregatlarning kattaligi 5-0,5 mm ni tashkil etadi. Donador struktura yirik donador, donador, mayda donador yoki poroxsimon strukturalarga bo‘linadi.
Prizmasimon struktura tipi vertikal o‘q bo‘yicha uzunchoq bo‘lgan, ikkita gorizontal o‘q bo‘yicha o‘lchamlari esa uncha katta bo‘lmagan agregatlarni o‘z ichiga oladi.
Ularning umumiy ko‘rinishi prizma yoki ustuncha shaklida bo‘ladi. Shunga ko‘ra ularning quyidagi turlari bo‘ladi: a) yuqori asosi dumaloq bo‘lgan ustunchali struktura; b) agregatlarining yuqori asosi yassi bo‘lgan prizmasimon struktura. Ustunchali struktura ko‘ndalang o‘lchamiga ko‘ra yirik ustunchali, ustunchali va mayda ustunchali strukturalarga bo‘linadi. Prizmatik struktura ham shu kabi turlarga ajratiladi.
Достарыңызбен бөлісу: |