Tadqiqotining dissertatsiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bog‘liqligi. Mazkur tadqiqot Samarqand davlat chet tillar institutida olib borilayotgan OT-F8-062 “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” nomli fundamental tadqiqotlar rejasiga muvofiq bajarilgan.
Tadqiqotning maqsadi. Samarqand shahri qarluq lahjasi leksikasi boʻyicha toʻplangan faktik materiallar asosida lugʻaviy birliklarning leksik-semantik xususiyatlari qiyoslanib, ularning boshqa oʻzbek shevalari, yozma yodgorliklar tili matniga munosabatini ochib berishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari:
Samarqand shahri qarluq lahjasining leksik-semantik xususiyatlarini yoritish;
sheva leksikasiga doir materiallarni to‘plash va tavsiflash;
mazkur tadqiq etilayotgan shevalarning hududiy jihatdan yondosh boʻlgan Buxoro, Qashqadaryo shevalari bilan oʻxshash va farqli jihatlarini aniqlash;
hududga doir ikki tillilik masalalarini yoritish;
Samarqand shahri qarluq lahjasidagi leksik birliklarning shakl va ma’no munosabatiga koʻra turlarini oʻzbek adabiy tiliga qiyoslash orqali tahlil qilish.
Tadqiqotning obyekti. Samarqand shahri qarluq lahjasi bo‘yicha 2016-2020-yillar davomida to‘plangan dialektologik dala ekspeditsiyasining materiallari, umumturkiy tilga oid yozma yodgorliklar va samarqandlik qator ijodkorlar asarlaridan iborat.
Tadqiqotning predmetini Samarqand shahri qarluq lahjasining o‘ziga xos leksik xususiyatlari tashkil etadi. Respondentlardan savolnoma o‘tkazish orqali to‘plangan manbalar ham tadqiqot materiallari sifatida tahlil etiladi.
Tadqiqot usullari. Tadqiqot jarayonida tarixiy-qiyosiy va chog‘ishtirma tasniflash, tavsiflash, etnolingvistik, sinxron, analitik, qiyosiy-tipologik va sotsiolingvistik tahlil usullaridan foydalanildi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Samarqand shahri qarluq lahjasining boshqa oʻzbek shevalaridan fonetik, leksik jihatdan farq qiluvchi ma’no farqlamaydigan ikkinchi darajali choʻziqlik holati, oltita kelishikning toʻrt xil shaklda qoʻllanilishi, unli tovuslarning yettita boʻlishi singari xususiyatlari aniqlangan;
mazkur hudud qarluq lahjasi leksik birliklarining shakl va ma’no munosabatlariga koʻra turlari (omonimlar, sinonimlar, antonimlar, paronimlar)ning oʻzbek adabiy tilidan qars, olus, hoʻqqi, doʻqqi kabi soʻzlarning farqli ma’nolari borligi ochib berilib, oʻzbek adabiy tilining rivojida Samarqand shahri qarluq lahjasiga doir toʻplangan faktik materiallar borligi dalillangan;
soʻzlashuv nutqiga xos oʻzbek va tojik tillari oʻrtasidagi bilingvizm hodisasi yoritilgan va shevaning leksik qatlamlari aniqlanib, oʻzbek adabiy tiliga qiyoslanib, iboralar, qoʻshma soʻzlar, soʻz birikmalarining yasalishiga xizmat qilishi kabi xususiyatlari ochib berilgan;
Samarqand shahri qarluq lahjasining Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro qarluq lahjasidagi soʻzlardan shakl va ma’no jihatidan farqlanishi koʻrsatilib, shevadagi lugʻaviy birliklar oʻn toʻrtta mikroguruhlarga boʻlinganligi isbotlangan.
Достарыңызбен бөлісу: |