13-rasm. Tuproq rangi (tusi) ning nomini aniqlashda foydalaniladigan S.A.Zaxarov uchburchagi.
Tuproqning qora rangdaligi unda chirindining ko‘pligi bilan bog‘liq. Chirindi miqdori kamayib borishi bilan tuproq to‘q kulrang, kulrang, och kulrang, oqish turlarga o‘tishi mumkin.Tarkibida ko‘p miqdorda karbonatlar, kremnezyom, kaolin, suvda oson eriydigan tuzlar yoki gips bo‘lgan tuproqlar oq rangda bo‘ladi. Oq rangning qizil rang bilan qo‘shiluvidan to‘q va zarg‘aldoq tuslar paydo bo‘ladi.
Qizil va sariq ranglar tuproqda temir oksidlari yoki temir gidratlari borligini bildiradi. Temirning chala oksidlari (zakisi) tuproqni yoki uning ayrim qismlarini yashil, zangori yoki ko‘kimtir tuslarga bo‘yaydi. Masalan, botqoq tuproqlarda uchraydigan vivianit ularga ko‘k tus beradi. Tuproqdagi marganes birikmalar borligini unda intensiv qora nuqtalar paydo bo‘lishidan bilsa bo‘ladi. Tuproqning rangini aniqlagach, uning tarkibi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Rangni ifodalash uchun ikki-uchta so‘zdan iborat ta’riflardan foydalaniladi (jigarrang och, bo‘z-kulrang, qo‘ng‘ir kulrang va hokazo). Ushbu ta’rifdagi oxirgi so‘z asosiy rangni takidlaydi. Dala sharoitda rangning intensivligi tuproqning yoritilganlik darajasi va namligiga bog‘liq bo‘ladi. Nam tuproqlar quruqlariga qaraganda to'qroq bo‘lib tuyuladi. Shu sababli tuproq rangini aniqlaganda uning namligini ham ko‘rsatish kerak.
Namlikni aniqlash. Dala sharoitida tuproqning namligini quyidagi ko‘rsatgichlar bo‘yicha taxminan aniqlash mumkin.
Quruq tuproq –changlanadi, havoda yorishmaydi. Qum va qumloq tuproqlar quruq holatda sochiluvchan bo‘ladi, qumoq tuproq va soz tuproqlar qurib zich massaga aylanadi.
Nam xush tuproq- qo‘lni sovitadi, quriganda biroz ocharadi, filtr qog‘ozni biroz namiqtiradi.
Nam tuproq-kaftda nam izlarini qoldiradi, quriganda ancha ocharadi, filtr qog‘ozni namiqtiradi.
Zax tuproq-qo‘lga yopishib qoladi, bunday tuproqni qo‘l kafti orasiga olib qisilganda undan suv tomadi, qumoq va soz tuproqlar plastik bo‘ladi.
Ho‘l tuproqlar-tuproq chuqurining devorlaridan suv sizib turadi, qumoq va soz tuproqlar plastikligini yo‘qotib, oquvchan bo‘lib qoladi.
Namlik biror tuproqning yoki tuproq qatlamining barqaror alomati hisoblanmaydi, u ko‘pgina omillar; meteorologik sharoit, sizot suvlar sathi, tuproqning mexanik tarkibi, o‘simliklarning xarakteri singarilarga bog‘liq bo‘ladi.
Достарыңызбен бөлісу: |