Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Tadqiqot natijalari 9 ta xalqaro va 7 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokamadan oʻtkazilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Dissertatsiya mavzusi boʻyicha jami 22 ta ilmiy ish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan doktorlik dissertatasiyalarining asosiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarida 6 ta maqola, shundan 4 tasi respublika hamda 2 tasi xorijiy mamlakat jurnallarida chop etilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish, uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan iborat bo‘lib, umumiy hajmi 148 sahifadan iborat. Ishga Samarqand shahri qarluq lahjasiga oid qisqacha lugʻat ilova qilingan.
DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI
Dissertatsiyaning Kirish qismida tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati asoslangan, tadqiqotning maqsadi va vazifalari, obyekti va predmeti tavsiflangan, tadqiqotning respublika fan va texnologiya rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi ko‘rsatilgan, amaliy natijalari va ilmiy yangiligi bayon qilingan, tadqiqotda olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib berilgan, tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi, aprobatsiyasi, nashr etilgan ishlar va dissertatsiya tuzilishi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.
Dissertatsiyaning “Tilshunoslikda shevalar tadqiqi va Samarqand shahri qarluq lahjasi xususida” deb nomlangan birinchi bobi ikki fasldan iborat. Bobning dastlabki boʻlimi “Tilshunoslikda shevalarning oʻrganilishi” deb nomlanib, unda sheva muammosining jahon va oʻzbek tilshunosligida oʻrganilish tarixi, turkiy tillar bilan munosabati kabi nazariy fikrlar umumlashtirilgan. Tilshunoslikda sheva va lahjalarni tadqiq qilishga bag‘ishlangan ilmiy ishlar dialektal so‘zlarni qanday to‘plash, ularni ilmiy tahlil qilib, tasnif qilish masalalari bo‘yicha yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qilishi, o‘zbek tilining shevalarini boshqa tillarning dialektal materiallari bilan solishtirib, qiyoslash imkonini berishi kabi muhim hamda dolzarb masalalar yoritilgan.
Jahon tilshunosligining dialektologiya sohasida shevalarni o‘rganish bo‘yicha talaygina ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, I.A.Batmanov dastlab qirg‘iz tilining shimoliy shevalarini o‘rganib, 1938-yilda “Qirgʻiz tilining shimoliy dialektlari” nomli asarida tasnif qildi27. Professor S.A.Amanjolovning “Dialektologiya va qozoq tili tarixchisi” asarida qozoq tili va qozoq xalqi tarixi masalalari, qozoq dialektologiyasi va hozirgi qozoq adabiy tili masalalari keng yoritilgan28. Turkman tilining dialektlari, shevalar tasnifi bevosita olim A.P.Potseluevskiy nomi bilan bog‘liq. U o‘zining “Turkman tilining shevalari” kitobida ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgan29. Ozarbayjon tili shevalarini oʻrganish yoʻlidagi dastlabki qadam Mirza Kyazimbekning “Turk-tatar tilining umumiy grammatikasi” (1839) asari boʻldi. U turkiy shevalarning qiyosiy tahlilini o‘tkazdi30. Tojik dialektlarining lingvistik tadqiqi yigirmanchi yillar davomida sezilarli darajaga koʻtarildi. Mashhur sharqshunoslar A.A.Semenov, P.E.Kuznetsov, V.S.Rastorguyeva, I.I.Zarubin, M.S.Andreyev, N.A.Kislyakov, A.Z.Rosenfeld, L.V.Uspenskaya, V.S.Sokolova, R.L.Nemanova, A.L.Xromov kabi olimlar tajribasi va ilmiy yutuqlari tojik dialektologiyasining yanada rivojlanishiga olib keldi31. Mazkur tadqiqot ishlari bilan tanishib, oʻrganishimiz Samarqand shahri qarluq lahjasi leksikasining taraqqiyot manbalarini, tarixiy tashkil topish jarayonlarini, tarqalish hududlarini ham diaxron, ham sinxron yo‘nalishda aniqlash uchun yordam berdi.
O‘zbek tilshunosligida til va shevalarni qiyoslab o‘rganish tarixi XI asrda yaratilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, “Attuhfatuz zakiyatu fillug‘atit turkiya”, Alisher Navoiyning “Muhokamat ul lug‘atayn”, “Sab’atu abhur” kabi asarlaridan boshlab to hozirga qadar yaratilgan koʻpgina ilmiy tadqiqotlar tahliliga bagʻishlangan32. O‘zbek xalq shevalarini o‘rganishga qiziqish XIX asrning boshlariga kelib keng yoyilganiga, bu sohada G‘ozi Olim Yunusov, Y.D.Polivanov, U.Tursunov kabi qator atoqli tilshunoslarimizning asarlarini o‘rganib, ulardan ham Samarqand shahri qarluq lahjasiga doir ma’lumotlar, tasniflar koʻrsatishga harakat qildik. Aynan Samarqandda oʻzbek shevalarini yigʻishga qaratilgan ekspeditsiyalar mahsuli hisoblangan “Samarqand shahar shevasining unlilari” (1928), “Samarqand o‘zbeklari tilining namunasi” (1935), “O‘zbek tilining nayman shevasi” (1963), “O‘zbek tilining g‘arbiy Samarqand shevalari” (1977) kabi asarlarda aynan o‘rganish obyektimiz hisoblangan Samarqand shahri qarluq lahjasi fonetikasi, morfologiyasiga doir qimmatli ma’lumotlarni aniqlashga, ishimizning ilmiy qimmatini oshirishga xizmat qiluvchi materiallarni yigʻishga muvaffaq bo‘ldik33.
Qolaversa, o‘zbek milliy adabiy tilining tovush jihatdan shakllanishiga Toshkent shevasi (ayniqsa unli fonemalari nazarda tutilmoqda), Farg‘ona shevasining morfologik tuzilishi adabiy tilning tashkil topishiga asos bo‘lganligini S.Ibrohimov, Sh.Shoabdurahmonov, G‘.Yunusov, V.Reshetov, A.Aliyev, Y.G‘ulomov, Sh.Nosirov, H.Uzoqov, X.Doniyorov, N.Rajabov, M.Abdiyev, T.Nafasov, N.Murodova, Sh.Joʻrayev kabilarning ilmiy-tadqiqot asarlari bilan yaqinroq tanishish jarayonida guvoh bo‘lgan holda Samarqand shahri qarluq lahjasi adabiy til lugʻaviy qatlami rivojiga ma’lum darajada hissa qoʻshganligi aniqlandi34.
Bobning “Samarqand shahri qarluq lahjasining qisqacha tasnifi” deb nomlangan ikkinchi faslida Samarqand shahrining qisqacha tarixi, mahallalarning tashkil topish va nomlanish masalalari “Boburnoma”, Alisher Navoiy, Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya”, Xumuliyning “Tarixi mangʻitiyya” kabi asarlari hamda A.Abdurahmonovning “Nechta Urgut bor?” maqolasida berilgan. Shuningdek, mazkur hududning boshqa shevalardan farqli jihatlari, oʻziga xosliklari misollar yordamida asoslanib, xulosalar chiqarilgan. Shuni ta’kidlab oʻtish lozimki, Samarqand shahrining ayrim mahallalarida deyarli adabiy tildan farqlanmaydigan, asosan, oʻzbek tilida muloqot qiluvchi aholi istiqomat qiladi. Bular sirasiga “Bogʻbonlar”, “Beshchinor”, “Damariq”, “Yoshlik”, “Maqsud Shayxzoda”, “Islohot”, “Istiqlol”, “Istiqbol’, “Kamolot” kabi mahallalarni kiritib oʻtishimiz mumkin.
Shaharning boshqa hududlarida esa ikki tilda muloqot qiluvchi aholi yashaydi. Samarqand shahri qarluq lahjasida soʻzlashuvchilar nutqining oʻzigа xos xususiyаti shundаn iborаtki, ulаrdа singаrmonizm qonuniyаti аmаl qilmаydi. Ushbu mаsаlаlаrgа diаlektolog olimа N.Murodovа hаm “Oʻzbek diаlektologiyаsi” dаrsligidа toʻxtаlib oʻtgаn35.
Dastlab qisqacha fonetik xususiyatlari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, yigʻilgan materiallarimizda unli tovushlar 7 tagacha boʻlishi kuzatildi: i, u, ā, ä, o, ö, e. Aynan shunga doir ma’lumotni, qolaversa, S.Ashirboyev, N.Murodovalar darsliklarida ham kuzatishimiz mumkin36.
Mazkur shevada adabiy tildagi soʻzlarning unli tovushlari almashinib talaffuz qilinadi:
[ā>ä] olma/älmä, piyola/pijälä, bola/bäčä, toʻrtov/tortäv, kuyov/kujäv va hokazo. Chunki bu holat v undoshidan oldin o emas, balki ä unlisining kelishi bilan xarakterlanadi.
[ä > ā] usta/ustā, poʻlat/polād, ketyapti/ketāpti, boryapti/bārāpti, tilla/tillā kabi. Bu holat tojik shevalarining qanchalar Samarqanddagi qarluq shevalariga kuchli ta’sir koʻrsatganligidan dalolat berib turibdi.
Ma’no farqlamaydigan ikkinchi darajali choʻziqlik holati ham koʻp kuzatiladi: dugā:na, dolā:na, pijā:va, ke:lin, dāmmā:d, polā:d, šā:na, kadu: kabi.
Soʻz tarkibida ikkita har xil undoshning bir-biriga moslashib, bir xil talaffuz qilinishi, ya’ni assimilyatsiya hodisasi uchraydi: kelli (keldi), bolli (boʻlli), kammaγäl (kambag’al), bāddu (bordi), massi (mahsi).
Samarqand shahri qarluq lahjasida l, r, t kabi undoshlardan birining soʻz oʻrtasida tushib qolishi ham uchraydi: däsäxān/ dastarxon, ketur/keltir, tor/toʻrt, däsromāl/dastroʻmol, binnimä/bir nima va hokazo.
Soʻz oxirida qator undosh sifatida qoʻllaniladigan t tovushi tushirib talaffuz qilinadi: goš/goʻsht, γiš/gʻisht, sus/sust, Tāškän/Toshkent, dos/doʻst kabi.
Biz oʻrganayotgan shevaning morfologik xususiyatalari ham oʻziga xosliklarga ega. Masalan, -lar koʻplik qoʻshimchasi –ä, -lä koʻrinishlarda uchraydi: Ulä kelišdi. Bizä kettik.
Oltita kelishik toʻrt xil shaklda qoʻllaniladi. Qaratqich va tushum –ni qoʻshimchasi bilan, joʻnalish va oʻrin-payt kelishiklari –ga qoʻshimchasi koʻrinishida uchraydi: Ujgä qālli. (Uyda qoldi.) Bäläni xayāli pärišān (Bolaning xayoli parishon.)
Mazkur shevada –dan chiqish kelishigi assimilyatsiya hodisasiga uchrab, -zän variantida qoʻllanilishi mumkin: Āllizän otāppan. (Oldingizdan oʻtyapman.) Dugonajizzän āllim. (Dugonangizdan oldim.)
“Samarqand shahri qarluq lahjasi leksikasi” deb atalgan ikkinchi bob uch fasldan tashkil topgan. Ikkinchi bobning “Hudud shevalarining leksik qatlamlari va ikki tillilik” deb nomlangan birinchi faslida sheva lug‘at boyligining oshishida o‘zlashma so‘zlar, xususan, fors-tojik, rus tilidan o‘zlashgan lug‘aviy birliklarni chuqur tadqiq etish qiyosiy tilshunoslikning dolzarb masalaridan biri hisoblanishi yuzasidan fikrlar ilgari surilgan.
Ayniqsa, ruscha o‘zlashmalar Samarqand shahri qarluq lahjasida o‘zining sinonimlariga ega emas, balki ma’lum bir aniq tushunchalarni anglatgani uchun ham faol qo‘llaniladi. Qolaversa, dialektolog olima N.Murodova ham oʻzbek tili va uning shevalariga rus tili va u orqali Yevropa tillaridan oʻtgan soʻzlarni mavzuiy guruhlarga boʻlib tasniflaydi. Mazkur birliklarning sheva vakillari nutqida turli fonetik oʻzgarishlarga uchraganligini alohida ta’kidlaydi37.
Samarqand shahri qarluq lahjasi leksikаsidа rus tiligа oid so‘zlаr quyidаgi shаkllаrdа qo‘llаnilishigа guvoh bo‘ldik:
1) hech qаndаy o‘zgаrishlаrsiz, аynаn ishlаtilаdi: škäf (шкаф), dām (дом), vännä (ванна), känälizätsijä (канализация), sänätārij (санаторий) kabilar.
2) fonetik o‘zgаrishgа uchrаb tаlаffuz qilinаdi:
|