4 – Mashg’ulot. Tuproq tarkibidagi chirindi (gumus) miqdorini I.V.Tyurin usulida aniqlash. (4 soat) Mashg’ulotning maqsadi. Tuproq tarkibidagi chirindi (gumus) miqdorini I.V.Tyurin usulida aniqlash va ta’minlanish darajasini aniqlash, tuproq unumdorligi haqida tushunchaga ega bo’lish.
Kerakli idishlar, jihozlar va reaktivlar: pinset, analitik tarozi, chinni havoncha, elakcha, shisha bankacha, konussimon kolba, byuretka, kichik voronka yoki soat oynasi, yuvgich, shisha tayoqcha, elektr plitka, 0,4 n xromat angidrid eritmasi, difenilamin indikatori, 85% fosfor kislota, fenilantranil kislota, 0,2 n mor tuzi eritmasi, distillagan suv.
Adabiyotlar – 1, 2, 3, 4, 5, 6. Internet saytlari. Chirindi yoki gumus tuproqning organik qismi tarkibiga kiradi. Chirindi moddalar gumin kislotalar, fulvokislatalar va ularning tuzlaridan, shuningdek tuproqning mineral qismidagi kompleks birikmalardan iborat bo’ladi. Tuproqning organik moddalari tarkibiga, chirindining o’zidan tashqari, chirimagan va chala chirigan o’simlik hamda hayvonat qoldiqlari, mikroorganizmlar tanalari, o’simlik qoldiqlarining parchalanish mahsullari va boshqalar ham kiradi. Ammo tuproqdagi jami organik moddalarning 90 % gacha qismi chirindi (gumus) dan iborat bo’ladi. Tuproq unumdorligi chirindining miqdori va sifatiga bog’liq.
Chirindi miqdori ikki usulda: chirindi moddalarni quruq holda kuydirish va kislota ta’sirida namlab kuydirish yo’li bilan aniqlanadi. Quruq holda kuydirish tuproqni qizdirishdan va yondirganda ajraladigan karbonat angidridi miqdorini aniqlashdan iborat. Nam holida kislota bilan kuydirish tuproq chirindi moddalarini xrom kislotasi bilan oksidlashga asoslangan. Shuning uchun ham bu usul amaliyotda ko’proq qo’llanilib og’irlik va hajmiy usulda chirindini aniqlash imkonini beradi.
I.V.Tyurin usuli nomi bilan ma’lum bo’lgan hajmiy usul ancha keng ko’lamda qo’llaniladi. Bu usul ko’pgina tuproq tiplari tarkibidagi chirindi miqdorini aniqlashga yaroqlidir. Tarkibida temirning chala oksidlari (zakisi) bo’lgan botqoqlangan tuproqlar bundan mustasnodir. I.V.Tyurin usuli ishlash uchun oson, sodda va aniq usul hisoblanadi.