17 – Mashg’ulot. Mineral o`g`it turlarini sifat reaksiyalari yordamida aniqlash (8 soat) Mashg’ulotning maqsadi: Sifat reaksiyasi yordamida mineral o’g’itlarni aniqlashdan iborat.
Kerakli idishlar, jihozlar va reaktivlar: O’g’it namunalari, probirkalar, chinni piyolachalar, distrlangan suv, bariy xlorid 2-5% li eritmasi, ishqor 8-10% li, xlorid kislota 1% li eritmasi yoki 1:10 nisatdagi sirka essensiyasi, Ko’mir cho’g’i, kumush nitrat 1-2% li eritmasi.
Adabiyotlar – 1, 2, 3, 4, 5, 6. Internet saytlari. Xo’jaliklarda mineral o’g’itlarni noto’g’ri saqlash oqibatida ularning tarkibi o’zgarishi hollari ham uchraydi. Shuning uchun ularni qo’llashdan oldin sifatini tekshirib, so’ng me’yorini belgilash kerak.
Sifat reaksiyasini aniqlash uchun probirka (biror kichkina shisha idishcha) suv (distillangan) va ko’mir cho’g’i zarur.
Bulardan tashqari BaCl2, NaOH, AgNO3reaktivlari ham kerak bo’ladi. Agar o’g’it tarkibida Cl bo’lsa, kumush nitrat bilan reaksiyaga kirishadi oq cho’kma hosil bo’ladi.
KCl+AgNO3 = KNO3+AgCl
Kumush nitrat fosforli o’g’itlar bilan reaksiyaga kirishganda sariq cho’kma hosil bo’ladi:
K3PO4+3AgNO3 = Ag3PO4 + 3KNO3 O’g’it tarkibida SO4 bo’lsa, u BaCl2 bilan reaksiyaga kirishib, sutsimon cho’kma hosil qiladi:
(NH4)2SO4+BaCl2=BaSO4+2NH4Cl
O’g’it tarkibida ammiak bo’lsa, u ishqor bilan reaksiyaga kirishib, ammiak ajratib chiqaradi(albatta, probirkani chayqatish kerak).
NH4NO3+NaOH=NaNO3+(NH4)OHNH3+H2O
Tajribani boshlashdan oldin paketdagi o’g’itning yarmisini yoki taxminan 0,5-1,0 grammini probirkaga solib, ustiga 6-8 ml distillangan suv quyiladi.
Probirkani yaxshilab chayqatib o’g’itning erish darajasi aniqlanadi. Odatda o’g’itlar suvda yaxshi eriydigan, qisman eriydigan va erimaydigan bo’ladi. Agar o’g’it suvda erisa hosil bo’lgan eritma uchta probirkaga bo’lib quyiladi va ularning har qaysisiga 2-3 tomchidan BaCl2, va AgNO3 eritmalaridan ta’sir ettiriladi. Suvda eriydigan o’g’itlarning quruq donasi, yuqorida qayd etilganidek, ko’mir cho’g’ida tekshiriladi. Masalan, selitra cho’g’da portlaganga o’xshab yonadi, ammiakli o’g’itlar esa bo’linib tutun chiqaradi va ammiak hidini beradi. Kaliyli o’g’itlar esa sachraydi. (qanday o’zgarish bo’lsa daftarga yoziladi).
Agar o’g’it suvda erimasa, u holda eritma bir oz tindirilgach, undan 3-4ml olib, ikkinchi probirkaga solinadi va unga kumush nitrat (AgNO3) ta’sir ettiriladi. Suvda erimaydigan o’g’itlar ko’mir cho’g’i yordamida tekshirilmaydi.