16-rasm. Gipsli yangi yaralmalar: a) konkresiya (5 marta kattalashtirilgan),
b) cho'ziq g‘ovaksimon kristalli gips.
Chimli-podzol tuproq, sur tusli o‘rmon tuproq, podzollashgan qora tuproq singari tuproqlar uchun agregatlar orasida juda yupqa kremnezyom sepmalari, yoriqlarida esa kremnezyomning oqimtir oqmalarining bo‘lishi xarakterli. Shuningdek, dumaloq shakldagi mayda, zich qora-qo‘ng‘ir rangdagi «dukkaksimon» rudyak donalarining ajralib turishi ham xosdir. Podzol tuproqlarning ileyuvial qatlamlarida ko‘p uchraydi (17-rasm).
17-rasm. Temirli yangi yaralmalarning tipik shakllari: a-dumaloq bog‘lamalar (ortshteynlar), 4 marta kattalashtirilgan; b- uzunchoq trubkasimon bog‘lamalar (rorenshteynlar), 2 marta kichraytirilgan.
Gidromorf tuproqlar uchun temir, marganes oksidlari va gidrooksidlarining va fosfor kislota tuzining to‘planuvi xosdir.
Krotovinalar (Ko‘rsichqon uyalari)- yer kavlovchi umurtqali (sug‘ur, yumronqoziq, ko‘rsichqon va boshqa kemiruvchi) hayvonlarning hosil qilgan yo‘llari va inlari bo‘lib, ular ana shu hayvonlar boshqa qatlamlardan keltirilgan tuproq bilan to‘lgan bo‘ladi; tuproq chuqurining devorlarida noaniq shaklli (ko‘pincha dumaloq aylana yoki tuxumsimon shaklli), ancha katta o‘lchamli (5-10 sm va bundan katta) dog‘lar ko‘rinishida ajralib turadi.
Koprolitlar biologik yangi yaralmalar bo‘lib chuvalchanglar, lichinkalar organizmi orqali o‘tgan mayda donador chiqindilardan iborat. Ular tuproqda suvga chidamli agregatlar hosil qiladi.
Dala sharoitida tuproqning mexanik tarkibini aniqlash taxminiy tarzda bo‘lib, keyinchalik laboratoriyada tahlil qilish yo‘li bilan tekshirib ko‘riladi. Tuproqning mexanik tarkibi dala sharoitida quruq va nam holida aniqlanadi. Nam holatda aniqlash uchun tuproq namunasiga uni xamirsimon va eng plastik holatga keltiradigan miqdorda suv qo‘shiladi. Xlorid kislota ta’sirida vijillab qaynaydigan karbonatli tuproqlarga suv emas, balki HCl ning 10 % li eritmasi qo‘shiladi.
Tuproqlar mexanik tarkibi ayrim turlarining alomatlari ho‘l loy qilib ko‘rish usulini qarab chiqamiz.
Qum quruq holatda sochiluvchan bo‘ladi, agregatlar hosil qilmaydi. Loy qilingan tuproq namunasini dumaloqlab bo‘lmaydi (18-rasm).
Достарыңызбен бөлісу: |