O’ZB EKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM
VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI
Z. AKBAROVA
MEHNAT STATISTIKASI
O’zbekiston Respublikasi
Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi
oliy o’quv yurtlararo ilmiy-uslubiy birlashmalar faoliyatini
muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan oliy o’quv yurtlarining
iqtisodiy ta’lim yo’nalishlari uchun o’quv qo’llanma
sifatida tavsiya etilgan
TOSHKENT-2006
Akbarova Z. Mehnat statistikasi (O’quv qo’llanma). - T.: TDIU, 2006, -
138 b.
Ushbu qo’llanmada iqtisodiyotni yanada liberallashtirish borasida iqtisodiy islohotlar va ularning muhim natijalarida xalqaro «Mehnat statistikasi»ning eng muhim kategoriya va ko’rsatkichlari tutgan o’mi bayon etilgan, ular orasida mehnat bozori, ishchi kuchiga talab va taklifi, mehnat samaradorligi, ishchi kuchi qiymati, ishchi kuchi ko’chuvchanligi (mobilligi), xodimlarning turmush, mehnat va dam olish ko’rsatkichlari alohida ajratib ko’rsatilgan.
Qo’llanma mehnat va mehnat munosabati sohasiga ixtisoslashgan o’qituvchilarga hamda shu sohaga ixtisoslashayotgan talabalarga mo’ljallangan.
Mas’ul muharrir: TDIU “Iqtisodiyot va statistika” fakulteti
dekani, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent A.B.Xayitov
Taqrizchilar: DJQA qoshidagi OBM kafedra mudiri, i.f.d.
О.К.Иминов
TDIU “Statistika” kafedrasi dotsenti, i.f.n. M.Ya.Azimov
Ekspertlar:
TDIU “O’quv bo’limi boshlig’i” dotsent,
i.f.n. B.B.Usmonov
TDIU “Statistika” kafedrasi dotsenti, i.f.n. A.H.Ayubjonov
Акбарова З. Статистика труда. (Учебное пособие). - Т.: ТДИУ, 2006, -
стр.
В данном учебном пособие рассматриваются основные категории и показатели статистика труда, в условиях либерализации экономики. Среди них рассматриваются такие категории как рынок труда, спрос и предложение на рабочую силу, эффективность труда, издержки на рабочую силу, мобильность рабочей силы. Особое внимание уделяется изучению уровня жизни населения, условиям труда и отдыха.
Учебное пособие предназначено для специализирующихся в этой области преподавателей а также для студентов.
Ответственный редактор: Декан факультета «Эканомика и
статистика» ТГЭУ, к.э.н., доц. А.Б.Хаитов
Рецензенты: Зав. Кафедры В.Ш.Б. при А.Г.О.С., к.э.н.
О.К.Иминов
Доцент кафедры «Статистика» ТГЭУ к.э.н. М.Я.Азимов
Эксперты:
Началник «Учебно-методического
управления» ТГЭУ, к.э.н., доц.
Б.Б.Усмонов
Доцент кафедры «Статистика» ТГЭУ к.э.н. А.ХАюбджанов
K I R I SH
Iqtisodiyotga iqtisodiy faoliyat bozor tamoyillarining joriy etilishi ilgarilari mamlakatimiz uchun noma’lum bo’lgan bir qator ijtimoiy-iqtisodiy hodisa va jarayonlarning paydo bo’lishiga, ayniqsa, mehnat munosabatlari sohasida sezilarli o’zgarishlarga olib keldi.
Sobiq Ittifoq xalq xo’jaligi majmuining tarqalib ketishi esa aholining iqtisodiyotdagi bandlik darajasiga salbiy ta’sir etdi. Ishsizlar va ish qidirib yurgan shaxslar paydo bo’ldi. Aholiniing real daromadlari pasaydi. Natijada mehnat nizolarining soni ortdi. Aholining norasmiy sektordagi bandligi keskin o’sdi. Bularning barchasi «Mehnat statistikasi» sohasida to’la holda ishonarli axborot olish uchun «Mehnat statistikasi»ni qayta ko’rib chiqishni taqozo etdi. Bu hayotiy talab «Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlarini hisob-kitob qilish metodologiyasini BMT Statistika komissiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro standartlarga yaqinlashtirish yo’li bilan amalga oshirilmoqda. SHu tufayli xalqaro «Mehnat statistikasi»ning nazariy asoslarini tadqiq qilish respublikadagi mehnat va mehnat munosabatlarini ta’riflashda katta ahamiyat kasb etadi.
O’quv qo’llanmada davlat statistika amaliyotiga Xalqaro «Mehnat statistikasi»ni tadbiq qilish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti va uning statistik faoliyati qisqacha bayon etilib, «Mehnat statistikasi» to’g’risidagi 160-sonli qonuniga ko’ra, Xalqaro mehnat tashkilotining Konvensiyani ratifikasiya qiladigan barcha a’zo mamlakatlari mehnat haqidagi ma’lumotlarni muttasil to’plab va e’lon qilib borishlari kerak. Shu ma’lumotlar to’plamiga kiradigan - iqtisodiy faol aholi, bandlik, ishsizlik va oshkora noto’liq bandlilik kategoriyalari bo’yicha MHT shu kategoriyalarni yoritishga alohida o’rin ajratilgan bo’lib, shu bilan bir qatorda iqtisodiy faol aholining tarkibiy tuzilishi va taqsimlanishini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ish vaqti va uning o’rtacha davomiyligi, o’rtacha ish haqi va uning tarkibi va taqsimlanishi haqida ham ma’lumot to’plab, o’rganish lozim bo’lganligi tufayli bu savollar ham hal etishga harakat qilingan va ish kuchi qiymatini ham baholash va ta’riflash berilgan.
Iste’mol baho indeksi ahamiyati va hisoblash usuli yoritilib, bu indeks bilan bir qatorda aholi turmush darajasiga umumiy ta’rif berish maqsadida qo’llanish tavsiya etilgan Inson Taraqqiyoti Indeksi ham yoritilgan.
1985 yilda «Mehnat statistikasi» bo’yicha 170-sonli tavsiyalarga binoan, mehnat unumdorligi, uning darajasini o’rganish muammolariga to’xtalib, dinamikasini o’rganish usullari ham bayon etilgan.
bob. «MEHNAT STATISTIKASI» FANINING PREDMETI VA USULI
«Mehnat statistikasi» fanining predmeti, uning boshqa fanlar bilan bog’liqligi va asosiy vazifalari
«Statistika» fani hozirgi kunda «Matematik statistika», «Statistikaning umumiy nazariyasi», «Ijtimoiy-iqtisodiy statistika», «Iqtisodiyotning turli tarmoqlari statistikasi», «Milliy hisobchilik va «Mehnat statistikasi» kabi fanlarni o’z ichiga olgan fanlar majmuidir. «Statistika» ijtimoiy-iqtisodiy ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy tomonini aniq makon va zamonda ularning sifati bilan uzviy aloqada o’rganadi.
«Mehnat statistikasi» XIX asr boshlaridan boshlab ortib borayotgan bandlik va ishsizlik muammolari tufayli statistikada o’ta muhim o’rinni egallay boshladi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda aholi sonining sezilarli o’sishi ish joylariga talab qilinayotgan mehnatga layoqatli aholining ko’payishiga olib keldi.
Muttasil o’sib borayotgan mehnat unumdorligi ishchi kuchiga ehtiyoj nisbatan (ba’zida mutlaq) kamayishini keltirib chiqaruvchi omil ham hisoblanadi. SHunga ko’ra mehnat potensiali, uning tuzilmasi, dinamikasi va hozirgi bosqichda undan foydalanishni statistik o’rganish alohida ahamiyat kasb etadi. «Mehnat statistikasi»ning asosiy maqsadi mehnat potensialini shakllantirish zaminlarini miqdoriy ta’riflash, uning tuzilmasini turli belgilar (jins va yosh; ma’muriy va malaka darajasi; hudud bo’yicha taqsimlanishi; ijtimoiy-kasbiy guruhlar bo’yicha va b.)ga ko’ra o’rganish; ishchi kuchi bozorini ta’riflash; ishga yaroqli aholining ijtimoiy, kasbiy va hududiy ko’chuvchanligi (mobilligi)ni o’rganish; ishchi kuchiga sarflar darajasi dinamikasini tahlil qilish hisoblanadi.
«Mehnat statistikasi»ning markaziy vazifalaridan biri - mehnat potensialidan foydalanishni (bandlik va ishsizlik ko’rsatkichlari; ish vaqtidan foydalanish darajasi; mehnat potensialidan etarlicha foydalanmaganlik oqibatida iqtisodiyotdagi yo’qotishlar) ta’riflash. U, shuningdek, «Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlarining mamlakat iqtisodiy rivojlanishini ifodalovchi eng muhim ko’rsatkichlar bilan aloqasi va o’zaro bog’liqligini ham aks ettirishi, bundan tashqari, ishchi kuchi turmush darajasini aniqlovchi ko’rsatkichlar - aholining mehnat, turmush va dam olish sharoitlari darajasi va dinamikasiga ham statistik ta’rif berishi kerak.
«Mehnat statistikasi» birinchi navbatda aholining tabiiy tiklanishi va uning migrasiyasi hodisa va jarayonlarini o’rganuvchi demografiya bilan bog’liq. SHunday qilib, u mehnat potensialining shakllanish shart-sharoitlari, uning dinamikasi va undan iqtisodiyotda foydalanishni tadqiq qiladi. «Mehnat statistikasi» demografik statistika ma’lumotlaridan mehnat potensialining barcha miqdoriy ko’rsatkichlarini hisoblash va tahlil qilish metodologiyasini ishlab chiqishda foydalanadi.
«Mehnat statistikasi» «Matematik statistika» va «Umumiy statistika nazariyasi» bilan ham uzviy bog’langan. Demografiya va iqtisodiyotda barcha
hodisa hamda jarayonlar ehtimollik xarakteriga (tug’ilish, kasallanish, shikastlanish, o’sish; iqtisodiyotning ko’pgina tarmoqlari faoliyati mavsumiy xarakterdaligi; siyosiy hodisalar va b.) ega bo’lganligi uchun, u «Mehnat statistikasi»da «Matematik statistika» va «Ehtimollik nazariyasi» usullaridan kengroq foydalanishni talab qiladi.
«Statistika»ning umumiy nazariyasi bilan o’zaro aloqaga kelsak, u iqtisodiy-statistik axborotni to’plash, ishlov berish va tahlil qilish metodologiyasini ishlab chiqadi. Bu, eng avvalo, olingan axborotni statistik kuzatish, nazorat qilish, ma’lumot to’plash va guruhlash nazariyasiga tegishlidir. Bundan tashqari, statistikaning umumiy nazariyasi statistik ma’lumotlar (dinamika qatorlari statistik ko’rsatkichlarini hisoblash; korrelyasion-regressiv tahlil, indeksli usul va b.) ni tahlil qilish usullarini tadqiq qiladi. «Mehnat statistikasi» bu usullardan foydalanib, mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlarga miqdoriy tavsif berish; mehnat bozori ishlashining muhim ko’rsatkichlarini bashorat (prognoz) qilish, amaliy faoliyat uchun xulosa va takliflami shakllantirish imkoniyatiga ega.
«Mehnat statistikasi» xalq ho’jaligini bashorat qilish masalalari bilan ham bog’liq, chunki iqtisodiy faoliyatning har qanday iste’moli ishlab chiqarish jarayonining ishchi kuchi bilan ta’minlanganligini bashorat qilishdan boshlanadi. «Mehnat statistikasi»ni o’rganish ish sohasidagi amaliy faoliyat, elektron-hisoblash mashinalaridan foydalanish bilan uzviy bog’langan. Bu mehnat bozorida sodir bo’layotgan, amaliy dasturlarning standart va ixtisoslashgan paketlari yordamida mexanik ishlov berishni talab qiladigan ommaviy hodisa va jarayonlar to’g’risidagi iqtisodiy-statistik axborotning ko’pligidan kelib chiqadi.
«Mehnat statistikasi»ning nazariy asosini «Mehnat iqtisodiyoti» tashkil qiladi. «Mehnat iqtisodiyoti» mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlarni o’rganadigan, ularning rivojlanish qonuniyatlarini ochib, mehnat sohasidagi muhim kategoriya va ko’rsatkichlariga ta’rif beradigan, shuningdek, ularni tahlil hamda bashorat qilishning asosiy yo’nalishlarini ishlab chiqadigan fandir. «Mehnat bozori iqtisodiyoti» mehnat sohasidagi ommaviy hodisa va jarayonlarning metodologiyalarini sifat jihatidan o’rgansa, «Mehnat bozori» statistikasi shu sifat aniqligiga miqdoriy ta’rif berish metodologiyasini ishlab chiqadi.
SHunday qilib, mehnat va mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlar «Mehnat statistikasi»ning predmeti bo’lsa, mehnat bozori uning tadqiqot ob’ekti hisoblanadi.
SHunga ko’ra, hozirgi bosqichda «Mehnat statistikasi»ning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
aholini mamlakat mehnat potensialini shakllantirish bazasi sifatida statistik o’rganish;
aholi iqtisodiy faolligi, bandlik va ishsizlik ko’rsatkichlarini statistik tahlil qilish;
mehnat bozori va uning elementlariga ta’rif berish;
mehnat bozorining asosiy tamoyillarini o’rganish;
ishchi kuchi taklifi, unga talab va mehnat bozori kon’yunkturasini
statistik o’rganish;
aholining noto’liq bandligi va ish vaqtidan foydalanishning statistik
tavsifi;
iqtisodiyotning norasmiy sektoridagi bandlikni o’rganish;
mehnat bozoridagi ishchi kuchi qiymati va uning dinamikasini statistik o’rganish;
mehnat unumdorligi va uning dinamikasini o’rganish;
ishchi kuchining mobilligi(xodim yoki ijtimoiy kasbiy maqomining
o’zgarishi va aholi hamda ishchi kuchining hududiy joydan-joyga ko’chishi)ni statistik tahlil qilish;
ishchi kuchining turmush, mehnat va dam olish shart-sharoitlarini
iqtisodiy faoliyat natijasi sifatida tahlil qilish;
mehnat statistikasi ko’rsatkichlarini qiyoslashni amalga oshirish.
«Mehnat statistikasi» da qo’llaniladigan usullar
«Mehnat statistikasi» o’z amaliy faoliyatida «Statistikaning umumiy nazariyasi» ishlab chiqqan usullardan foydalanadi. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, mehnat munosabatlari sohasidagi barcha hodisa va jarayonlar dinamikada hamda o’zaro bog’liqlikda ko’rib chiqiladi.
«Mehnat statistikasi» zarur axborotni to’plashda oldindan ishlab chiqilgan dasturlarga ko’ra, belgilangan muddatda zarur axborotni olish imkonini beradigan statistik kuzatish usulidan foydalanadi. Bu axborotni olish uchun yalpi va noyalpi kuzatishning barcha turlaridan foydalaniladi. Kuzatish usulini tanlash ko’p sonli omillar: tadqiqot maqsadi; tadqiqot dasturi; moddiy, moliyaviy va mehnat resurslariga bog’liq.
Axborot olingandan so’ng uning nazorati amalga oshiriladi. Bunda «Mehnat statistikasi» nazoratning quyidagi turlaridan foydalanadi:
statistik, bunda kuzatish ob’ektlari qamrovining to’laligi; barcha zarur grafa va qatorlar to’liq to’ldirilganligi; zarur rekvizitlar; manzil, sana, imzo, muhrlarning borligi tekshiriladi;
arifmetik, u miqdoriy bog’langan ko’rsatkichlarga asoslanadi(masalan, tashkil etuvchi elementlar yig’indisi yakundan katta bo’la olmaydi);
mantiqiy, u sifat bog’lanishiga asoslanadi (masalan, 5-6 yoshli bola oliy ma’lumotga ega bo’la olmaydi).
Olingan statistik axborotning sifati tekshirilgach, uni jamlash va guruhlash amalga oshiriladi.
Statistik ma’lumotlarni jamlash oldindan tuzilgan dastur bo’yicha guruhiy va umumiy yakunlarni olishdir. Guruhlash o’rganilayotgan birliklar majmuini o’rganilayotgan belgilariga muvofiq, miqdoriy va sifatiy guruhlarga taqsimlashdan iborat. SHunday qilib, miqdoriy guruhlash miqdoriy ifoda (masalan,
iqtisodiyotda band bo’lganlar soni, ishsizlar soni, daromad hajmi va boshqalar bo’yicha guruhlash)ga ega bo’lgan belgilar (ko’rsatkichlar)ga asoslanadi, sifatiy guruhlash asosida esa miqdoriy ifodaga ega bo’lishi mumkin bo’lmagan ko’rsatkichlar (masalan, mehnatga layoqatli aholi sonining jinsi va yoshi hamda ijtimoiy-kasbiy guruhlari va h.k.) yotadi.
«Mehnat statistikasi» bo’yicha axborotni jamlash va guruhlash keyingi tahlil uchun boshlang’ich material xizmatini o’taydigan ko’rsatkichlarning ma’lum tizimiga ega bo’lish imkonini beradi. Bunda ham statistika umumiy nazariyasi ishlab chiqadigan usullardan foydalaniladi.
Sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlarning hajm va darajalarini ifodalaydigan mutlaq ko’rsatkichlar bilan birga quyidagilarga kiradigan nisbiy kattaliklar ham hisoblanadi:
dinamikaning nisbiy kattaligi hodisa vaqtidagi o’zgarish yo’nalishini ifodalaydi va bu o’zgarish tezligini o’lchaydi (masalan, o’sish va qo’shimcha o’sish sur’ati);
tuzilmaning nisbiy kattaligi o’rganilayotgan ko’rsatkich umumiy hajmda har bir komponent(tarkibiy qismi)ning ulushi yoki salmog’ini ifodalaydi (masalan, iqtisodiy faol aholi sonida iqtisodiyotda band bo’lganlar sonining o’sishi);
qiyoslashning nisbiy kattaligi turli ob’ektlarga tegishli bo’lgan bir va ayni o’sha davrdagi ikki yoki undan ortiq bir nomdagi kattaliklar nisbatini ko’rsatadi (masalan, ishsizlarning jahon mamlakatlari bo’yicha soni);
muvofiqlashtirish (koordinasiya)ning nisbiy kattaliklari, bir va o’sha yig’indining turli elementlari nisbatini ifodalaydi (masalan, shu mamlakatda iqtisodiyotda band bo’lgan erkaklar va ayollar sonining nisbati);
intensivlikning nisbiy kattaliklari, u berilgan hodisaning ma’lum muhitda tarqalish darajasini aks ettiradi (masalan, aholi zichligi ko’rsatkichi).
Mehnat sohasidagi hodisa va jarayonlarni ifodalashda o’rtacha kattaliklar hisob-kitobi juda muhim hisoblanadi. U o’rganilayotgan yig’indining (masalan, xodimlar ish haqining o’rtacha darajasi) barcha birliklar uchun xos bo’lgan, ko’rib chiqilayotgan umumiy belgining qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Variasiya ko’rsatkichlari hisob-kitobi o’rganilayotgan belgining o’zgaruvchanlik darajasini aniqlaydi, ya’ni berilgan yig’indining berilgan belgi munosabatida o’zgaruvchanligini ifodalaydi. Variasiyalarni o’rganishda dispersiya va o’rtacha kvadratik tafovut muhim statistik tasnif hisoblanadi.
«Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlarining boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlar bilan o’zaro aloqasi yaqinligi, asosan korrelyasion-regressiv tahlil o’tkazish yordamida o’rganiladi. Korrelyasiya bandlik ko’rsatkichlari va ishsizlik ko’rsatkichlarining boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlar(yalpi ichki mahsulot, asosiy kapital, investisiyalar, tovar va xizmatlar eksporti , importi va boshqalar) bilan aloqasining yaqinligini miqdoriy baholash imkonini beradi. Regressiya ko’rsatkichlari natijasi ko’rsatkich faktorli ko’rsatkichga (masalan, mehnat unumdorligi 1% oshganda ish haqining o’sishi) bog’liqligining miqdoriy bahosiga ega bo’lish imkonini beradi.
«Mehnat statistikasi»da indeksli usuldan keng foydalaniladi. Birinchidan, u «Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlari (mehnat unumdorligi, ish haqi, aholining nominal va haqiqiy daromadlari, iste’mol narxlari indekslari) dinamikasini o’rganish, ikkinchidan, indeksli faktorli, tahlil faktorli belgining natija ko’rsatkichiga (masalan, yalpi ichki mahsulotning band bo’lganlar va mehnat unumdorligi hisobiga o’sishi) miqdoriy ta’sirini aniqlash imkonini beradi.
«Mehnat statistikasi» mehnat va mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlar tendensiyalarini o’rganish maqsadida dinamik qatorlar tahlili usulidan foydalanadi. Bunday tahlil natijasida aniqlangan «Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlarining o’sish dinamikasidagi tendensiyalar ularning interpolyasiyasi (tadqiq qilinayotgan dinamika qatorlari ichida noma’lum darajalarni topish) va trend ekstropolyasiyasi (bashorat qilish) uchun boshlang’ich material xizmatini o’taydi.
«Mehnat statistikasi» o’rganilayotgan yig’indi birliklarni bir necha belgilari bo’yicha tasniflashni amalga oshirishda bu birliklarni (masalan, mamlakatlar yoki iqtisodiy mintaqalar) har bir birlik o’rtacha guruhlashga yaqin ko’rsatkichlarga ega bo’lgan (masalan, mintaqalarning bandlik darajasi, ish haqi va aholi daromadlari bo’yicha guruhlash), nisbatan bir xil guruhlarga birlashtirish imkonini beradigan klasterli tahlildan foydalanadi. Statistik axborotni to’plash, ishlov berish va tahlil qilish nitijalari odatda statistik jadval va grafiklar (diagramma va statistik kartalar) tuzishning umumiy tamoyillarini ishlab chiqadi. Ulardan mehnat statistikasi ko’rsatkichlari tahlilining oraliq yoki pirovard yakunlarini bayon qilishda foydalanadi.
«Mehnat statistikasi»da bir yo’la tadqiqotlar o’rtasidagi davrda (aholini ro’yhatga olish o’rtasidagi davrda) oraliq ko’rsatkichlarga ega bo’lish imkonini beradigan balans usuli alohida o’rinni egallaydi. Bundan tashqari, u mehnat potensialining mavjudligi va undan foydalanish (jumladan, band aholi balansi va undan iqtisodiyot tarmoqlari bo’yicha foydalanish)ni ifodalaydi. Balans usuli mavjud mehnatga layoqatli aholi va undan foydalanish orasidagi bog’liqlikni aniqlash imkonini beradi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti va uning statistik faoliyati
Xalqaro Mehnat Tashkiloti Xalqaro mehnat statistikasining qaror topishi va rivojlanishida muhim rol o’ynaydi. U (XMT, International Labour Organization) 1919 yilda Millatlar ligasi huzurida mehnat tashkiloti sifatida tashkil etilgan. Xalqaro Mehnat Tashkiloti 1946 yildan boshlab, BMT ning ixtisoslashgan muassasasi hisoblanadi, dunyoning 171 davlati XMT a’zosi hisoblanadi. XMTda fransuz va ingliz tillarida ish yuritiladi, uning qarorgohi Jeneva shahridadir. XMTning vakolatxonalari yirik davlatlar poytaxtlarida faoliyat ko’rsatmoqda.
Ustaviga ko’ra, Xalqaro mehnat tashkilotining vazifalari quyidagilar hisoblanadi: ish vaqtini regeomentlash; ishsizlikka qarshi kurash; mehnatkashlarni kasb kasalliklari va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan himoya qilish;
bolalar, o’smirlar va ayollar mehnatini muhofaza qilish; ish sharoiti muhitini yaxshilash; ijtimoiy sug’urta va ta’minot masalalarini tartibga solish; kasbiy-texnik ta’limni tashkil etish va h.k.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining yuqori organi - Bosh konferensiya; ijro etuvchi organi - Ma’muriy kengash, u kotibiyat - Xalqaro Mehnat Byurosi (XMB) ishiga boshchilik qiladi. XMB doimiy ishlaydi va XMTning ishchi organi
hisoblanadi. XMB axborot to’playdi va tarqatadi. Hukumatlarga ularning {Примечание
iltimoslariga ko’ra, yordam ko’rsatadi. Xalqaro mehnat tashkilotining texnik hamkorlik dasturlarini boshqaradi, maxsus ilmiy tadqiqotlar o’tkazadi. Bu tashkilot doirasida XMB Statistika byurosi tashkil etilgan. Ma’lum vaqt o’tgandan so’ng boshqa doimiy ishlovchi organ - Mehnat statistikasining Xalqaro konvensiyasi tashkil etildi.
XMBning Statistika byurosi Xalqaro Mehnat Tashkilotiga a’zo mamlakatlar mehnat to’g’risidagi statistik hisobotini to’plash, ishlov berish va e’lon qilishdek joriy faoliyatni amalga oshiradi. Mehnat statistikasining Xalqaro konferensiyalarida jahonning shu sohadagi etakchi mutaxassislari nazariy masalalarni muhokama etadi va «Mehnat statistikasi»ning turli jihatlariga taalluqli rezolyusiyalarni qabul qiladi.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining har yil o’tkazadigan konferensiyalarida bo’lajak ish rejalari va o’tgan yilgi rejaning bajarilash yakunlari muhokama qilinadi. XMBning Statistika byurosida tayyorlagan materiallar ko’rib chiqiladi, shuningdek, konvensiya va tavsiyalar qabul qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida
“Davlat statistika to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to’g’risida” 2002 yil 24 dekabrdagi PF-3483dagi Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek, respublika statistika organlari faoliyatini tashkiliy ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Quydagilar:
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi nizomi tuzilmasi 1- ilovaga muvofiq.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi markaziy apparat shtatdagi xodimlarining cheklangan soni 128 nafar (xizmat ko’rsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasida raisning bir nafar birinchi o’rinbosari, raisning uch nafar o’rinbosarlari hamda etti kishidan iborat Hay’at bo’lishiga ruxsat etilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisi vazir maqomiga,
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari
va o’rinbosarlari - tegishli ravishda vaziming birinchi o’rinbosariga va o’rinbosarlariga tenglashtirilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisini shtatdagi xodimlarning belgilangan soni va statistika ishlarini amalga oshirishga ajratiladigan mablag’lar doirasida Qo’mita tuzilmasini o’zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Quyidagilar:
Qoraqolpog’iston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalarining tuman (shahar) statistika bo’limlarining namunaviy tizilmasi 3, 3 a va 3b-ilovalarga muvofiq:
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi to’g’risida Nizom 4- ilovaga muvofiq;
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining maxsus jamg’armasi to’g’risidagi Nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi huzuridagi davlat statistikasini rivojlantirish, uning faoliyat ko’rsatishi va uni muvofiqlashtirish muammolari bo’yicha kollegial maslahat organi Statistika kengashi tashkil etilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi ikki hafta muddatda Statistika kengashi to’g’risidagi Nizomni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.
Belgilab qo’yilsinki:
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining raisi va Statistika kengashining shaxsiy tarkibi respublika Hukumatining taqdimnomasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi, Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi statistika organlari va unga bo’ysinuvchi tashkilotlar O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda Qoraqolpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisi tamonidan lavozimga tayinlanadi.
Tuman shahar statistika bo’limlari boshliqlari tuman va shahar
hokimlarining taqdimnomasiga ko’ra hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasiga davlat statistika hisoboti shakllarini va ularni to’ldirish bo’yicha yo’riqnomalarni tasdiqlash yuklamasi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi, mulkchilik
shakllaridan qat’iy nazar, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan davlat statistika
to’g’risidagi amaldagi qonun xujjatlariga rioya qilinishi, statistika axboroti o’z vaqtida taqdim etilishi, uning to’liqligi va ishonchliligi ustidan qat’iy nazorat o’rnatsin. Qonun buzilishlari aniqlangan hollarda aybdor shaxslarni jismoniy javobgarlikkacha tortish to’g’risida takliflar kiritilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi bir oy muddatda mintaqaviy statistika boshqarmalari hamda tuman (shahar) statistika bo’limlari va boshqa o’ziga qarashli tashkilotlar to’g’risidagi Namunaviy nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Belgilansinki, O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi tizimi faoliyati statistika ishlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag’lari, shuningdek xo’jalik hisobidagi faoliyati mablag’lari hisobiga mablag’ bilan ta’minlansin.
Belgilab qo’yilsinki, O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi:
O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining
statistikaga oid vakolatlari bo’yicha.
O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Statistika davlat deportamentining vakolatlari majburiyatlari va mulkiy huquqlari bo’yicha huquqiy voris hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining o’z vakolotlari doirasida qabul qilingan qarorlarning vazirliklar, idoralar, xo’jalik birlashmalari, mahalliy hokimyat va boshqaruv organlari, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, xujalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi xodimlarini attestasiyadan o’tkazish bo’yicha 6-ilovaga muvofiq tarkibda komissiya tashkil etilsin.
Attestasiya komissiyasi bir oy muddatda O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi markaziy apparati hodimlarini hamda Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari rahbarlarini attestasiyadan o’tkazsin.
Respublika viloyatlarida shunday attestasiya komissiyasi tashkil etilsin, ularning tarkibiga O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi, Iqtisodiyot vazirligi rahbarlari, viloyat hokimlarining iqtisodiyot va kadrlar masalalari bo’yicha o’rinbosarlari, hududiy Statistika boshqarmalari boshliqlari kritilsin. Hududiy komissiyalar ikki oy muddatda viloyat statistika boshqarmalari, tuman va shahar statistika bo’limlari xodimlarini attestasiyadan o’tkazsin.
Attestasiya komissiyasi raisi (R.S.Azimov) o’tkazilgan attestasiya natijalari to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
Xalqaro statistika standartlariga muvofiq kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi huzurida Bozor munosabatlari o’quv konsalting markazi bazasida Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi tashkil etilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi 2003-2005 yillarda davlat statistikasi organlari tizimi xodimlarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi davlat statistikasi hududiy organlari, birinchi navbatda, tuman va shahar statistika bo’limlari rahbarlarining uch yilda kamida bir marta kasb darajasini va malakasi oshirilishini ta’minlasin.
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining buyurtmalariga muvofiq davlat statistika organlari uchun mutaxassislar tayyorlanishini ta’minlasin.
Davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzganligi, statistika ma’lumotlarini yashirganligi va buzib ko’rsatganligi uchun mansabdor shaxslarga solinadigan jarimalardan o’akllantiriladigan Maxsus jamg’armani yuritish O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasiga berilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisiga,
Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika
boshqarmalari boshliqlariga davlat statistika organlari tizimi xodimlarining yuqori malakasi uchun ularga oylik lavozim maoshi miqdoridan ortiq bo’lmagan miqdorda ustama belgilash huquqi berilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining maxsus
jamg’armasi mablag’lari davlat statistika organlari tizimi xodimlarining yuqori malakasi uchun to’lanadigan ustamalar manbai etib belgilansin.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
har yili davlat byudjetini shakllantirishda statistika ishlarini amalga oshirish, davlat statistika organlarining ta’minoti va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur mablag’larni nazarda tutsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasiga beshta engil avtomobilb xarajatlari uchun limet ajratsin.
Quyidagilar:
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi Toshkent shahar, Buyuk ipak yo’li ko’chasidagi 63-uyga;
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi Toshkent shahar, Buyuk ipak yo’li ko’chasidagi 42a-uyga joylashtirilsin.
O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining Statistika davlat deportamenti va unga qarashli tashkilotlar egallab turgan xizmat binolari O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi va unga qarashli tashkilotlar ixtiyorida qoldirilsin.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bir nusxadan majburiy tartibda yuboriladigan tashkilotlar ro’yxatiga kiritilsin.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat statistika qo’mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun xujjatlariga mazkur qarorlardan kelib chiquvchi o’zgartirish va qo’shimchalar to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Достарыңызбен бөлісу: |